Aviasales.uz Oʻzbekiston terma jamoasining Jahon chempionatiga chiqqani sharafiga ikkita mural yaratdi
Aviachiptalar xarid qilish xizmati Aviasales.uz Oʻzbekiston milliy terma jamoasining 2026-yilgi futbol boʻyicha Jahon chempionatiga tarixda ilk bor chiqqani munosabati bilan xalqaro loyiha amalga oshirdi. Loyiha doirasida «Oʻzbekiston GOLGʻAAAA» shiori ostida ikkita mural yaratildi.
.jpg)
Birinchi mural Oʻzbekiston terma jamoasi 17-iyun kuni Jahon chempionatidagi ilk oʻyinini oʻtkazadigan Mexiko shahrida paydo boʻldi. Uni yorqin strit-art uslubidagi ishlari bilan tanilgan meksikalik rassom Juls Mak yaratdi.
Mural markazida oʻzbek futbolchisining obrazi tasvirlangan. Uning qoʻlida oʻzbek madaniyati va mehmondoʻstligi ramzi boʻlgan patir shaklidagi medal bor. Bu terma jamoaning tarixiy yutugʻi va butun mamlakat faxrini ifodalaydi.
Ikkinchi mural Toshkentdagi «Birdamlik» mahallasida chizildi. Uning muallifi rassom Shohrux Suyunov. U oʻz soʻzlariga koʻra, Meksikadagi mural bilan tenglasha oladigan asar yaratishni maqsad qilgan.
Mural gʻoyasi koʻpchilikka tanish boʻlgan «Yeralash» lavhasidan ilhomlangan. Unda Oʻzbekistondan kelgan bola «Paxtakor chempion» yozuvi bilan chiqadi. Bu sahna bugun ham koʻplab oʻzbekistonliklarda iliq xotiralarni uygʻotadi.
Har ikki mural turli uslubda ishlangan boʻlsa-da, ularni «Oʻzbekiston GOLGʻAAAA» iborasi birlashtiradi. Bu yerda futboldagi «gol» va oʻzbekcha «olgʻa» soʻzlari birlashtirilgan.
Toshkent va Mexikodagi ushbu ikki mural dunyoning ikki nuqtasini ramziy bogʻlaydi. Ular Oʻzbekiston terma jamoasini qoʻllab-quvvatlash chegaralarni bilmasligini va muxlislar qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, jamoa bilan birga ekanini eslatadi.