Aviasales.uz 2025 yil uchun aviatsiya bozorining asosiy ko‘rsatkichlarini e’lon qildi
Aviasales.uz — arzon aviachiptalarni xarid qilish xizmati, 2025 yilda O‘zbekistonda aviachiptalarga bo‘lgan talab, mashhur yo‘nalishlar, narxlar va sayohatchilar tanlovlaridagi asosiy o‘zgarishlarni tahlil qildi.

2025 yilda O‘zbekiston aholisi orasida havo transportiga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshdi. Aviasales.uz ma’lumotlariga ko‘ra, yil davomida aviachiptalarga bo‘lgan umumiy talab 2024 yilga nisbatan 21% ga ko‘paydi. Eng katta o‘sish ichki parvozlar hissasiga to‘g‘ri keldi — mamlakat ichidagi reyslarga talab 32,9% ga oshdi.
Xorijiy yo‘nalishlarga parvozlar bo‘yicha talab ham o‘sishni ko‘rsatib, 18,3% ga ko‘paydi. Shu bilan birga, xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha bronlar umumiy bronlarning 62% ini tashkil etdi.
Xorijiy yo‘nalishlar tarkibida Rossiya ulushi kamaydi: 2024 yildagi 34,1% dan 2025 yilda 28,9% gacha. Ayni paytda Osiyo va Kavkaz mamlakatlariga bo‘lgan qiziqish kuchaydi.
Xususan, Xitoy eng tez o‘sayotgan yo‘nalishga aylandi: ushbu mamlakat bo‘yicha bronlardagi ulush 1,8% dan 3,6% gacha oshdi, qidiruvlar soni esa 114% ga ko‘paydi. Shuningdek, Janubiy Koreya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Gruziya yo‘nalishlarida ham barqaror o‘sish qayd etildi.
2025 yilda xorijiy yo‘nalishlarga aviachiptalarning o‘rtacha narxi 5,3% ga arzonlashdi. Shu bilan birga, chipta xarid qilish muddati qisqardi: avval yo‘lovchilar chiptani o‘rtacha 12 kun oldin sotib olgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 10 kunga tushdi.
Ichki parvozlar umumiy talabning 20,1% ini tashkil etdi. Toshkent yo‘nalishiga bo‘lgan qiziqish deyarli o‘zgarmadi. Samarqand va Buxoro yo‘nalishlariga bo‘lgan qidiruvlar biroz kamaydi, Urganch va Nukus yo‘nalishlariga talab esa oshdi.
Ichki reyslar bo‘yicha o‘rtacha chipta narxi xorijiy yo‘nalishlardan farqli ravishda 12,3% ga oshib, 1,096 million so‘mni tashkil etdi. Ichki parvozlarda ham chipta oldindan xarid qilinadigan muddat 11 kundan 10 kunga qisqardi.
Ichki safarlarda oilaviy sayohatlar ulushi 7,7% bo‘ldi. Eng ko‘p oilaviy parvozlar Andijon (9,29%), Namangan (9,16%) va Samarqand (8,68%) yo‘nalishlariga to‘g‘ri keldi.
Eng ko‘p tanlangan aviakompaniya Uzbekistan Airways (45,4%) bo‘ldi. Keyingi o‘rinlarda Centrum Air (12,6%), Ural Airlines (5,2%), Qanot Sharq (4,5%) va Aeroflot (3,7%) qayd etildi.
Aviasales.uz ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston aviatsiya bozori yanada faollashdi: yo‘lovchilar ko‘proq sayohat qilmoqda, safar bo‘yicha qarorlarni tezroq qabul qilmoqda va parvozlar geografiyasi kengayib bormoqda.
Press-reliz Aviasales.uz analitik hisobotidan olingan ma’lumotlar asosida tayyorlandi. To‘liq hisobot bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin: havola